Aʼzo teglari, Telegram orqali kirish, ulashishni faolsizlantirish, GIF tahrirlash, sana formatlashi, ovoz berish vaqt belgilari

Asl eʼlonni ingliz tilida oʻqish
Aʼzo teglari, Telegram orqali kirish, ulashishni faolsizlantirish, GIF tahrirlash, sana formatlashi, ovoz berish vaqt belgilari

Bugungi yangilanishda biz guruh aʼzolariga kimligini koʻrsatishda yordam beradigan teglar, muayyan yakkama-yakka chatlarda xabarlarni ulashishni faolsizlantirish sozlamasi, GIF fayllarni tahrirlash va izoh qoʻshish, Telegram orqali ilova va veb-saytlarga roʻyxatdan oʻtish va tizimga kirish uchun yangi vositalar va boshqa yangiliklarni qoʻshdik.

Aʼzo teglari

Guruh chatlarida aʼzolar endi ishdagi rolini koʻrsatish, maktabda nima oʻqiyotganini bildirish va boshqa holatlar uchun ismlari yoniga teg qoʻshishi mumkin. Bu sizga mahalla chatlarida oʻzingizni tanishtirishga yoki onlayn hamjamiyatlarda qiziqishlaringizni ajratib koʻrsatishga yordam beradi.

Adminlar guruh aʼzolari oʻz teglarini belgilashi yoki faqat adminlar ularni belgilashi mumkinligini tanlashi mumkin. Guruh adminlarining aʼzo teglari ularning rollarini aniq koʻrsatish uchun har doim boshqa rangda aks ettiriladi.

Guruhingizda aʼzolarga oʻz teglarini belgilashga ruxsat berish uchun Guruh sozlamalari > Ruxsatlar rukniga kiring va “Oʻz teglarini tahrirlash” bandini yoqing.

Premium: Shaxsiy chatlarda ulashishni faolsizlantirish

2021-yilda Telegram guruhlar va kanallar uchun kontentni himoyalash sozlamalarini qoʻshdi, bu esa hamjamiyatlar va kontent ijodkorlariga oʻz postlarini yanada ekskluziv qilishga yordam beradi.

Bugungi yangilanish bilan foydalanuvchilar oʻzaro ishonch muhitini yaratish uchun endi istalgan yakkama-yakka chatda ulashishni faolsizlantirishi mumkin. Bu xabarlarni uzatishni cheklaydi va chatdan skrinshot olish yoki media fayllarni saqlashning oldini oladi.

Chatda ulashishni faolsizlantirish uchun foydalanuvchi profilini oching, ⋯ yoki ⋮ tugmasini bosing va “Ulashishni faolsizlantirish” bandini tanlang. Bu funksiya hozirda Telegram Premium foydalanuvchilari uchun mavjud.

GIF fayllar uchun izohlar

GIF panelidan biror GIF tanlaganingizda endi unga bevosita izoh qoʻshishingiz va hammasini bitta xabar sifatida yuborishingiz mumkin. Xuddi boshqa medialarda boʻlgani kabi, mukammal formatlangan memlar uchun izohingizni GIF faylning yuqorisiga yoki pastiga joylashtirishingiz mumkin.

Izoh qoʻshish uchun GIF panelida bosib turing va “Izoh qoʻshish” bandini tanlang.

Rasmlardan tezkor stikerlar

Media koʻrish oynasida ochgan rasmlaringizni endi shunchaki bir marta bosish orqali stikerlarga aylantirish mumkin. Yuborishdan oldin bu stikerlarda obyektlarni kesib olish, matn va emoji qoʻshish hamda boshqa amallarni bajarish uchun ularni tahrirlash mumkin.

Stikerlar yaratish

Siz yaratadigan stikerlarni sevimlilarga saqlash yoki stikerlar toʻplamiga qoʻshish mumkin.

GIF fayllar va stikerlarni tahrirlash

Endi paneldagi GIF va stikerlarni Telegramning kuchli media muharririda tahrirlash — matn, chizmalar va emoji qoʻshish yoki GIF fayllarni qirqib, ularning uzunligini oʻzgartirish mumkin.

Stikerlarni tahrirlash

Paneldagi GIF yoki stikerni tahrirlash uchun bosib turing va “Tahrirlash” bandini tanlang.

Soʻrovnomalar uchun vaqt belgilari

Ovozlari koʻrinadigan soʻrovnomalar endi ishtirokchilar har bir ovoz qachon berilganini koʻrishi uchun ovoz bergan har bir foydalanuvchi uchun vaqt belgisini koʻrsatadi.

Soʻrovnomalar uchun vaqt belgilari

Botlar uchun striming javoblari

Oʻtgan yili biz AI botlariga javob tayyorlash jarayonida matnni ketma-ket aks ettirish imkoniyatini taqdim etgan edik. Bugungi yangilanish bilan Telegramdagi har bir bot ekranda terilib boruvchi qoniqarli javoblar uchun bu fu funksiyani yoqishi mumkin.

Telegram orqali kirish

Endi shunchaki bir necha marta bosish orqali Telegram hisobingizdan foydalanib shakllarni toʻldirmasdan yoki parollar yaratmasdan roʻyxatdan oʻtishingiz hamda ilova va veb-saytlarga kirishingiz mumkin.

Qoʻshimcha tasdiqlash bosqichlaridan oʻtmaslik uchun telefon raqamingizni ulashishingiz mumkin. Shuningdek, xizmatlarga Telegram orqali sizga xabar yuborishga ruxsat berib, qulay bildirishnomalarga ega boʻlasiz.

Dasturchilar Telegram orqali kirish integratsiyasi haqida batafsil axborotni ushbu batafsil qoʻllanmada topishi mumkin.

Vaqt va sana formatlashi

Yangi “Sana” formatlash opsiyasi yordamida xabarda aniq vaqt va sanani yuborishingiz mumkin. Qabul qiluvchilar unga bosib, taqvimlariga tadbir qoʻshishi yoki tezkor eslatma sozlashi mumkin.

Sana formatlashi hech kim vaqt mintaqasini hisob-kitob qilishiga toʻgʻri kelmasligi uchun har bir qabul qiluvchining mahalliy sana va vaqtiga avtomatik moslashadi.

Botlardan kelgan xabarlar ham foydalanuvchilarga xabarda ularning vaqt mintaqasiga moslashtirilgan aniq sana va vaqtni taqdim etish uchun dinamik vaqt oʻzgaruvchilaridan foydalanishi mumkin.

Telegram Bot API'dagi barcha oxirgi yangilanishlar uchun oxirgi oʻzgarishlar jurnali bilan tanishing.

Martga xush kelibsiz. Bahorgi yangilanishlar yaqinlashmoqda! ❄️☀️🌳


2026-yil 1-mart
Telegram jamoasi

Boshqa yangiliklar